Kengash ish rejasi
Urganch davlat pedagogika instituti Kengashi to‘g‘risida
NIZOM
- UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Nizom institut Kengashi faoliyati (ishni rejalashtirish, muhokama masalalarini tayyorlash, yig‘ilish o‘tkazish va qaror qabul qilish, qarorlarning bajarilishi ustidan nazorat, ish yuritish va sh.k.) tartibini belgilaydi.
1.2. Institut Kengashi (bundan keyingi o‘rinlarda – Kengash) institutning doimiy faoliyat yurituvchi oliy kollegial organi hisoblanadi.
1.3. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror, farmon va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Hay’at qarorlari va buyruqlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Nizomi, Urganch davlat pedagogika instituti Ustavi va ushbu Nizom asosida faoliyat yuritadi.
- Kengash o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik, erkin fikr, kollegiallik va yakkaboshchilikning uyg‘unligi, jamoa fikrini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiradi.
1.4. Mazkur Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar Kengash qarori bilan kiritilishi mumkin.
- KENGASH VAKOLATLARI VA ASOSIY VAZIFALARI
2.1. Kengash Urganch davlat pedagogika instituti faoliyatiga oid asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boradi. Jumladan:
- ta’lim tizimining barcha sohalari uchun malakali pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv, metodik, ilmiy va boshqa faoliyatni samarali tashkil etish;
- shaxsning intellektual, madaniy va ma’naviy-axloqiy ehtiyojlarini pedagogik ta’lim olish orqali qondirish, davlat va jamiyatning oliy pedagogik ma’lumotli, malakali mutaxassislar va oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
- ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, fundamental va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
- institutda normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari, yillik rejalar va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati qarorlari va buyruqlarining bajarilishi;
- ijro intizomini mustahkamlash, lavozim (xizmat) vazifalarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda institut rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish;
- pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv-uslubiy, tarbiya va ilmiy tadqiqot ishlariga oid tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlarining institut zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hisobotlarini eshitish;
- prorektorlar, institut bo‘limlari, fakultetlari va kafedralari faoliyati tartibi vakolatlarini ko‘rib chiqish;
- asosiy buyrutmachi tashkilot, korxona va muassasalar bilan koorporativ hamkorlikni rivojlantirish, institut moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda talabalarning malakaviy amaliyoti samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qiladi va ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasiga professor, dotsent ilmiy unvoniga tavsiya qilish kabi masalalarni hal qiladi.
Kengash institut vakolatiga taalluqli, uning hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan kollegial muhokama talab qilinadigan boshqa masalalarni ko‘rishga haqli.
- KENGASH TARKIBI
3.1. Kengash tarkibi institut rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
3.2. Institut rektori, prorektorlar, fakultet dekanlari lavozimiga ko‘ra Kengash tarkibiga kiradi.
3.3. Kengash tarkibiga saylanadigan a’zolar soni institut rektori buyrug‘i bilan belgilanadi va ular kafedra mudirlari, tarkibiy bo‘linma rahbarlari, professor-o‘qituvchilar orasidan saylanadi.
3.4. Kengash tarkibiga boshqa manfaatdor idoralar vakillari, uzluksiz ta’lim tizimi muammolari bilan shug‘ullanadigan taniqli olim va mutaxassislar kiritilishi mumkin.
3.5. Kengash raisi
3.5.1. Institut rektori Kengash raisi hisoblanadi.
3.5.2. Kengash raisining majburiyatlari:
- Kengash ishiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
- Kengash yillik ish rejasini, qarorlarini tasdiqlaydi;
- Kengash yig‘ilishlarida raislik qiladi;
- Kengash qarorlari ijrosi ustidan umumiy nazorat olib boradi.
3.5.3. Kengash raisining huquqlari:
- Kengash tarkibiga institut xodimlar tarkibida o‘zgarishlar bilan bog‘liq o‘zgartishlar kiritish;
- zaruratga ko‘ra navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirish;
- zarur hollarda Kengashga yopiq majlis o‘tkazish haqida taklif kiritish;
- o‘z vazifasini talab darajasida bajarmagan Kengash a’zolariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rishga haqli.
3.6. Kengash kotibi
3.6.1. Kengash kotibi Kengash a’zolari tarkibidan saylanadi.
3.6.2. Kengash kotibining vazifalari:
- Kengash yillik ish rejasini tuzish;
- Kengash yig‘ilishini tayyorlash; kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha materiallarni to‘plash;
- Kengash majlislari boshlanishidan oldin qatnashchilarni ro‘yxatga olishni tashkil etish. Ro‘yxatga olish yakunlanishi bilan Kengash raisiga Kengash a’zolari va taklif etilganlarning ishtiroki haqida axborot berish;
- Kengash yig‘ilishi bayonnomalarini yuritish;
- O‘quv yili yakunlariga ko‘ra Kengash ish rejasining bajarilishi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi.
3.6.3. Kengash kotibi Kengash a’zolari kabi huquq va majburiyatlarga ega.
3.7. Kengash a’zosining huquq va majburiyatlari
Kengash a’zosi:
- Kengash kun tartibiga masalalarni kiritish bo‘yicha taklif berish;
- Kengash yig‘ilishida muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirish, taklif kiritish;
- Kengash tomonidan tuziladigan komissiya, ishchi guruh va sh.k. larga saylash va saylanish;
- Kengash qabul qilayotgan qarorlarga munosabat bildirish, takliflar berish:
- Kengash a’zoligiga saylash va uning tarkibidan chiqarish haqida taklif qilish;
- Kengash raisiga navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirish haqida taklif kiritishga haqli.
- Kengash a’zosi:
- Kengash yig‘ilishidan kamida 10 daqiqa oldin hozir bo‘lishi;
- kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr bildirishga tayyor bo‘lishi;
- Kengash qarorlarini joylarda (fakulteti, kafedra, bo‘lim va sh.k.) targ‘ib qilishi;
- Kengash qarorlari ijrosini ta’minlashda shaxsan ishtirok etishi, bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim.
- KENGASH ISHINI REJALASHTIRISH VA TASHKIL ETISH
4.1. Kengash rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.
4.1.1. Kengash ish rejalari institut ish rejalarini inobatga olgan holda bir o‘quv yili uchun tuziladi hamda Kengash muhokamasidan so‘ng Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4.1.2. Kengash ishini rejalashtirish institut faoliyatini rejalashtirishning umumiy prinsip va talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
4.1.3. Rejada Kengash muhokamasiga kiritilayotgan masalalarning aniq mazmuni, ularni ko‘rib chiqish muddati, masalalarni tayyorlash uchun mas’ullar (Kengash a’zolari va boshqalar), Kengash yig‘ilishi qaror loyihasi va boshqa materiallarni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan institut tarkibiy tuzilmalari va xodimlari ko‘rsatiladi.
4.2. Kengash ish rejasini tuzish
4.2.1. Prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra va bo‘lim rahbarlari, boshqa manfaatdor idoralar vakillari Kengash ish rejasi loyihasiga masalalarni kiritish uchun o‘z takliflarini har yili 1 iyungacha Kengash kotibiga belgilangan shaklda taqdim etadi.
4.2.2. Kengash kotibi taqdim etilgan taklif va mulohazalarni umumlashtiradi, reja loyihasini tayyorlaydi, prorektorlar bilan kelishilgan holda joriy yilning 15 iyunigacha Kengash raisiga taqdim etadi.
Kengash raisining ko‘rsatmalari asosida qayta ishlangan ish reja loyihasi Kengash yangi o‘quv yilidagi birinchi yig‘ilishi muhokamasiga kiritiladi.
4.2.3. Ish reja loyihasi Kengash yig‘ilishida ma’qullangandan so‘ng Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4.2.4. Kengash tasdiqlangan ish rejasini Kengash kotibi prorektorlar, fakultet dekani, kafedra va bo‘lim rahbarlariga yuboradi, ular esa bir hafta muddat ichida o‘z xodimlarini ish rejasi bilan tanishtiradi va ular tomonidan bajarilishi belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida aniq ijro etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
- tasdiqlangan rejasiga tuzatishlar Kengash yoki uning raisi qarori bilan kiritiladi.
Kengash ish rejasiga kiritilgan masalalarni rejadan chiqarish yoki ko‘rib chiqish muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflar masala bo‘yicha mas’ul shaxslarning taqdimotiga ko‘ra Kengash majlisida ko‘riladi. Bunday holda masalani tayyorlash uchun mas’ul shaxs Kengashga tegishli asosnoma taqdim etishi lozim.
- ish rejasi bajarilishi ustidan umumiy nazoratni Kengash raisi amalga oshiradi.
- KENGASH YIG‘ILISHINI O‘TKAZISH VA QAROR QABUL QILISH
- Kengash yig‘ilishi reja asosida oyda bir marta o‘tkaziladi.
- Zarur hollarda Kengash raisining taklifi (roziligi) bilan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilishi mumkin.
- Kengash majlisi kun tartibi, o‘tkaziladigan kuni, vaqti va joyi Kengash raisi tomonidan belgilanadi.
- Kengash kotibi belgilangan ish rejaga muvofiq materiallar tayyorlangandan so‘ng, majlis kun tartibini tuzadi va Kengash raisiga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
- Kengash kotibi Kengash yig‘ilishi boshlanishidan oldin qatnashchilarni ro‘yxatga olishni tashkil etadi. Ro‘yxatga olish yakuni bilan Kengash raisiga Kengash a’zolari va taklif etilganlarning ishtiroki haqida axborot beradi.
- Kengashga taklif etilgan shaxslar ularga taalluqli masalalar yuzasidan bo‘ladigan muhokamalarda maslahat ovozi huquqida qatnashadilar. Kengash raisi (raislik etuvchi) ruxsati bilan ular muzokaralarda qatnashishi, o‘z e’tiroz va takliflarini bildirishi, muhokama etilayotgan masalalar va tayyorlangan hujjat loyihalari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etishi mumkin.
- Kengash a’zolarini taklif etilganlar bilan tanishtiradi, masalalar muhokamasini tashkil qiladi, so‘rovlar, ma’lumotlar, murojaatlar va takliflarni e’lon qiladi.
- Kengash yig‘ilishi kun tartibi va uni o‘tkazish tartibini ko‘rib chiqish va tasdiqlashdan boshlanadi.
- Kun tartibidagi masalalarda ma’ruzalar uchun, odatda, 15 daqiqa doirasida, muzokaralarda so‘zga chiquvchilarga 5 daqiqagacha, ma’lumot va axborotlar berish uchun 3 daqiqagacha vaqt belgilanadi. Zarur hollarda rais (raislik etuvchi) so‘zga chiqish uchun belgilangan vaqtni o‘zgartirishi mumkin.
- Kengash nomiga kelib tushgan shaxsiy ariza va ma’lumotnomalar yig‘ilish ishtirokchilariga rais (raislik qiluvchi) tomonidan yig‘ilish oxirida yoki muhokama jarayonida bildirilishi mumkin.
Muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha so‘zga chiqish raislik qiluvchining qarori bilan to‘xtatiladi, ko‘rilayotgan masala muhokamasi tugatilishi bilan ma’ruzachiga yoki hamma’ruzachiga xulosa uchun so‘z beriladi.
- Kengash majlisida masalalarni muhokama qilish jarayonida bildirilgan ahamiyatga molik e’tiroz va takliflar ko‘rib chiqilishi lozim. Muhokama natijalari raislik etuvchi ko‘rsatmasi bilan majlis bayonnomasida qayd etiladi.
- Ovoz yozish va stenografiya, video va foto tasvirga tushirish Kengash raisi (raislik etuvchi) bilan kelishilgan holda yoki Kengash qarori asosida amalga oshiriladi.
- Ovoz yozish, stenogramma yuritish, video va fototasvirga tushirish ishlarini tashkil etish institutning axborot texnologiyalari markazi xodimlari zimmasiga yuklanadi.
- Ma’ruza va so‘zga chiquvchilarning ma’ruza matnlari Kengash majlisi yakunlanishi bilan Kengash kotibiga topshiriladi.
- Kengashda ko‘riladigan masalalar bo‘yicha Kengash kotibiga qaror loyihalari va boshqa materiallar ushbu sohalarni boshqaruvchi institut prorektorlari huzuridagi kengashda ko‘rilgach, prorektor tomonidan imzolangan holda taqdim etiladi.
- Kengashda ko‘riladigan masalani tayyorlashga mas’ul bo‘lgan shaxs uning mazmunidan kelib chiqqan holda, ushbu masalaga taalluqli bo‘lgan qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarni o‘rganib chiqadi. Kengash majlisida hisobot shaklidagi masalalar ko‘rilayotganda qaror loyihasiga bajarilgan ishlarga doir ma’lumotnoma hamda hisobot bo‘yicha materiallar asosida tayyorlangan slayd ilova qilinadi.
- Kengash qarorini qabul qilish
5.17.1. Kengash ko‘rilgan masala yuzasidan (hujjatlarda boshqa tartib ko‘zda tutilgan bo‘lmasa) ochiq ovoz berish yo‘li bilan qaror qabul qiladi.
5.17.2. Kengash yig‘ilishida Kengash a’zolarining 3/2 qismi ishtirok etganda Kengash Qarori haqiqiy (vakolatli) sanaladi.
5.17.3. Kengash qarori yig‘ilishda ishtirok etgan Kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan (hujjatlarda boshqa tartib ko‘zda tutilgan bo‘lmasa) qabul qilinadi. “Tarafdor” va “qarshi” ovozlar soni teng kelganda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi sanaladi.
- Kengash qaror loyihalari
- Kengashda ko‘riladigan masalalar bo‘yicha taqdim etiladigan qaror loyihalari “e.xujjat” orqali Kengash a’zolariga yetkazilib, loyiha qo‘yidagi talablarga javob berishi:
- qaror loyihasining asoslovchi qismi aniq ifodalangan bo‘lishi;
- takrorlarning oldini olish maqsadida qaror loyihasida mazkur masala bo‘yicha oldin qabul qilingan qarorlar e’tiborga olinishi;
- qaror loyihasi ijro etish muddatlari ko‘rsatilgan holda ijrochilarga aniq topshiriqlar nazarda tutilgan bo‘lishi;
- qaror loyihasida uning bajarilishini nazorat qiluvchi mas’ul shaxs ko‘rsatilishi shart.
- Kengash avvalgi qabul qilingan qarorlariga o‘zgartishlar kiritish yoki uni bekor qilish zarurati vujudga kelsa, masalani tayyorlashga mas’ul bo‘lgan shaxs Kengash raisiga qaror bandining nomi, bayonnomaning tartib raqami va sanasi aniq ko‘rsatilgan hamda qisqacha asoslangan tavsiyadan iborat bildirgi taqdim etadi
- Agar qaror loyihasi yoki boshqa hujjatlar bo‘yicha kelishuv jarayonida masalani tayyorlashga mas’ul bo‘lgan shaxs va boshqa manfaatdor shaxslar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelsa, bu holda manfaatdor tomon rahbari o‘z e’tirozi, taklif va mulohazalarini qisqacha asoslab, yozma ravishda qaror loyihasiga ilova qiladi.
- Rejada ko‘rsatilmagan masalalar Kengashda ko‘rib chiqish uchun tashabbuskorning asoslantirilgan ma’lumotnomasi bo‘yicha faqatgina Kengash raisining ruxsati bilan kun tartibiga kiritiladi.
- Kengash navbatdagi yig‘ilish kun tartibining oxirgi varianti Kengash raisi tomonidan belgilanadi va Kengash kotibi tomonidan tuziladi.
- Kengash kotibi navbatdagi kun tartibini Kengash a’zolariga yig‘ilish davomida yetkazishni ta’minlaydi.
- KENGASH QARORLARI BAJARILISHINI NAZORAT QILISH
- Kengash qarorlari ijrosi ustidan umumiy nazorat Kengash raisi tomonidan amalga oshiriladi.
- Kengash qarorlari ijrosi ustidan bevosita nazorat, ulardagi topshiriqlar mazmunidan kelib chiqqan holda, ularni amalga oshirishga mas’ul etib belgilangan Kengash a’zolari zimmasiga yuklatiladi, shuningdek, joriy faoliyat davomida barcha Kengash a’zolari tomonidan amalga oshiriladi.
- Kengash doimiy ravishda o‘z majlislarida qabul qilgan qarorlarining ijrosi ahvolini ko‘rib boradi, ularning ijrosini nazorat qilishga mas’ul shaxslar, prorektorlar, fakultet dekanlari, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi hamda boshqa bo‘lim rahbarlarining amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisobotlarini eshitadi.
- Kengash o‘z faoliyati yuzasidan muntazam ravishda yakunlar chiqaradi, shuningdek, Kengash qarorlarini tayyorlash va ularni amalga oshirishda Kengash a’zolarining ishtiroki bilan bog‘liq faoliyati natijalarini tahlil qiladi va majlislarda ko‘rib chiqadi.
- Kengash muayyan qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish zimmasiga yuklatilgan mas’ul (javobgar) shaxslar o‘tgan o‘quv yilida qabul qilingan qarorlarning amalda bajarilishi yuzasidan Kengash oldida doimiy hisobot berib turadilar.
- KENGASH HUJJATLARI VA ISHLARNI YURITISH
7.1. Kengash hujjatlari va ishlarni yuritish Kengash kotibi zimmasiga yuklatiladi.
7.2. Kengash mazmuni bo‘yicha hammaga tarqatilishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar aks ettirilgan qaror va boshqa hujjatlar ularni olgan shaxslar tomonidan maxfiy hujjatga tenglashtirilgan holda saqlanadi.