Close

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
 
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalari deb ataladi) bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga va O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga (filiallariga) o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
abiturient — oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyasiga hujjat topshirgan, Davlat test markazining ruxsatnomasiga ega bo‘lgan, test sinovi qoidalariga qat’iy amal qilgan holda belgilangan guruhda test sinovlarida ishtirok etuvchi talabgor;
abiturient ruxsatnomasi — pasport (u bo‘lmagan holda shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) bilan birgalikda abiturientning belgilangan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beradigan hujjat;
bino rahbari — Davlat test markazi direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadigan, belgilangan vazifa va majburiyatlar bo‘yicha binodagi guruh nazoratchilari va abiturientlar harakatlariga umumiy rahbarlikni bajaruvchi, nazorat qiluvchi va amaliy yordam ko‘rsatuvchi xodim;
guruh nazoratchisi — Davlat test markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida shartnomada belgilangan vazifa va majburiyat bo‘yicha test sinovlarida abiturientlar harakatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish, test sinovining belgilangan tartib bo‘yicha o‘tishini qat’iy nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan va abiturientlarga test sinovini topshirish tartibi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan va test sinovlari o‘tkazilishi bilan bog‘liq seminarda ishtirok etgan shaxs;
javoblar varaqasi — test topshiriqlari kitobidagi har bir topshiriqning bajarilishi natijasida tanlagan javobning bittasini belgilashga mo‘ljallangan va abiturientning bilimini baholash uchun asos hisoblanadigan yagona hujjat;
oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi (keyingi o‘rinlarda qabul komissiyasi deb ataladi) — oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan, belgilangan vazifalar bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlariga abiturientlar hujjatlarini qabul qiluvchi, ularga test sinovlari jarayoni bo‘yicha maslahatlar, ko‘rsatmalar beruvchi, test sinovlarini o‘tkazishning tashkiliy masalalarida ishtirok etuvchi organ;
test topshiriqlari kitobi — belgilangan fanlar majmuasi bo‘yicha test topshiriqlarini o‘z ichiga olgan savollar to‘plami;
titul varaqasi — abiturient haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan test sinovi natijalari qayd etiladigan hujjat;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakili (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi vakili deb ataladi) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadigan, test sinovlari o‘tkaziladigan tegishli hudud va binoda belgilangan vazifa va majburiyatlar bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarga umumiy rahbarlik qiluvchi hamda test sinovi ishtirokchilarining vazifalariga muvofiq harakatini nazorat qiluvchi va amaliy yordam ko‘rsatuvchi xodim.
4. Test sinovlarini adolatli va xolisona o‘tkazish mazkur Nizom talablariga qat’iy rioya etgan holda oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Davlat test markazi vakillari, bino rahbarlari, guruh nazoratchilari tomonidan ta’minlanadi.
Mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy ishlar mahalliy davlat hokimiyati organlari va oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan ta’minlanadi.
5. Test sinovlari o‘tkaziladigan kunda Davlat test markazining tegishli ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarning test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan hududga kirishi taqiqlanadi.
6. Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.
Abiturient test sinovlari boshlanganidan so‘ng binoga tegishli hududga kiritilmaydi.
7. Abiturient ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.
Abiturient uchun mazkur sana va vaqt qat’iy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.
8. Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
9. Abiturientlar tanlagan ta’lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.
10. Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.
11. Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi.
12. Abiturientlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda oliy ta’lim muassasalariga etkaziladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini tashkil etish mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.