Close


PROFESSIONAL TA’LIM MUASSASALARINI METODIK VA ILMIY JIHATDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH TO‘G‘RISIDAGI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRINING 2023-YIL 6-MARTDAGI 44-SONLI BUYRUG‘IGA ASOSAN


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2023-yil 6-martdagi 44-sonli buyrug‘iga asosan Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.v.b. Jumanazar Yarmetov, Ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Samandarov, Pedagogika fakulteti dekani Sardor Sharifzoda O‘razboy tabib o‘g‘li  joriy yilning 3-may kuni Xiva pedagogika kollejiga tashrif buyurib, kollej direktori Jasur Salayev boshchiligida kollej rahbariyati, o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashdilar.

    Tashrif davomida kollejning pedagogik jamoasi bilan yaqindan tanishildi, o‘quv-me'yoriy hujjatlari va moddiy texnika bazasi o‘rganildi. Yangi pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda pedagog kadrlar uchun o‘quv seminarlar va mahorat darslari tashkil qilishga, pedagog xodimlarning darslarini tahlil qilish, yutuq va kamchiliklari bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar berish to‘g‘risida kelishib olindi.
    
    Shuningdek, kollej talabalari uchun institut o‘qituvchilari tomonidan bepul chet tillarini o‘qitish kurslarining tashkil qilinishi ham alohida ta'kidlanib, besh muhim tashabbus doirasida fan, sport, badiiy havaskorlik, kitobxonlik kabi ko‘plab jabhalarda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish haqida fikr-mulohazalar bildirildi, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.  

Xiva pedagogika kollejida bugungi kunda 5 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud:
-  Maktabgacha ta’lim tashkiloti yordamchi tarbiyachi yo‘nalishi;
-  Musiqa rahbari yo‘nalishi;
-  Kutubxonashunoslik;
-  Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi;
- Jismoniy tarbiya.

    Bugungi kunda kollejda jami 1358 nafar talaba tahsil oladi. Ularning 160 nafari grant, 1198 nafari kontrakt asosida ta’lim olmoqda.

UrDPI Matbuot xizmati

Ulashish: