Bugun Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.v.b. Jumanazar Yarmetov o‘quv fanlaridan past o‘zlashtirayotgan “sariq” toifadagi talabalar bilan uchrashdi.
Dastlab uchrashuvda Yangi O‘zbekistonda yoshlarning o‘rni, Prezidentimizning yoshlar siyosatiga qaratayotgan e’tibori, bugungi ilmsevar yoshlar Vatan kelajagi ekanligi, oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bevosita rahbar bilan ochiq muloqot tarzida tashkil qilingan uchrashuvda asosiy e’tibor ilmning, ta’lim va tarbiyaning inson hayotidagi o‘rni, ayniqsa, alohida e’tiborga molik yoshlar ma’naviyati masalasiga qaratildi.
Shuningdek, institutdagi o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar bilan bog‘liq fikrlar bayon qilinar ekan, mustaqil ta’lim bilan bog‘liq jihatlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, mustaqil ta’lim soatlarining miqdori va bu borada jahon tajribasiga to‘xtalib o‘tildi, shu bilan bir qatorda, imtihon jarayonlari, kredit-modul tizimi haqida ham fikr-mulohazalar bayon qilindi.
Samimiy ruhda va ochiq muloqot tarzida tashkil etiladigan, bevosita yoshlar va rahbar o‘rtasida o‘tkaziladigan bu kabi uchrashuvlar o‘qish samaradorligini oshirishda, shaffoflikni ta’minlashda, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda o‘ziga xos ahamiyatga ega, albatta!