XORAZMDA “10-XALQARO TURKLAR DUNYOSI IJTIMOIY FANLAR SIMPOZIUMI OʻTKAZILDI
Xorazmda “10-Xalqaro turklar dunyosi ijtimoiy fanlar simpoziumi oʻtkazildi
Urganch davlat pedagogika instituti hamda Urganch davlat universiteti hamkorligida “10-Xalqaro turklar dunyosi ijtimoiy fanlar simpoziumi: Boshlang‘ich ta’limda raqamli ta’lim muhitini yaratishning nazariy asoslari va amaliy yechimlari — turk davlatlari tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximova, Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.b. Diyorjon Abdullayev, Al-Xorazmiy universitetining faxriy prezidenti Islam El Hadary, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligining “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” ilmiy-metodik jurnali bosh muharriri Beyukaga Mikaili hamda bir qator xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Konferensiya davomida boshlang‘ich ta’lim tizimida raqamli ta’lim muhitini shakllantirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarning ta’limdagi o‘rni, shuningdek, turk davlatlari tajribasi asosida ilg‘or amaliy yechimlarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Sloveniya, Indoneziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlardan 20 dan ortiq xorijiy olim va mutaxassislar qatnashdi.
Tadbir xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda ta’lim tizimida raqamli transformatsiyani rivojlantirish yo‘lida muhim platforma vazifasini o‘tadi.