Close
Skip to main content


HURMATLI PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR, IJODIY IMTIHON KOMISSIYASI A’ZOLARI, AZIZ ABITURIYENTLAR VA MUHTARAM OTA-ONALAR!


Hurmatli professor-o‘qituvchilar, ijodiy imtihon komissiyasi a’zolari, aziz abituriyentlar va muhtaram ota-onalar!
Bugungi kunda ta’lim tizimida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida qabul jarayonlarining qonuniy, xolis va korrupsiyadan xoli tashkil etilishi yoshlarning bilim va salohiyatini adolatli baholash, jamiyatning ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan Urganch davlat pedagogika institutida 2026/2027-o‘quv yili uchun o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlar amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari asosida, oshkoralik, xolislik, shaffoflik va teng imkoniyatlar tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etilmoqda. Har bir abituriyentning bilim darajasi, ijodiy salohiyati va amaliy ko‘nikmalari belgilangan mezonlar asosida xolis baholanadi.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar va ijodiy imtihon komissiyasi a’zolari!
Sizlarning zimmangizga yuksak mas’uliyat va ishonch yuklatilgan. Imtihon jarayonlarida kasbiy etika, pedagogik odob va qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishingiz, har bir abituriyentga xolis va adolatli munosabatda bo‘lishingiz, manfaatlar to‘qnashuviga, tanish-bilishchilikka, mahalliychilikka, tamagirlikka, poraxo‘rlikka hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligingiz zarur.
Har bir baho faqat abituriyentning namoyish etgan bilim, mahorat va ijodiy salohiyatini aks ettirishi lozim. Sizlarning xolis va vijdonan olib borayotgan faoliyatingiz institutimiz nufuzi, ta’lim sifati va jamiyat ishonchining muhim kafolatidir.

Hurmatli ota-onalar!
Farzandingizning ertangi kuni, avvalo, uning bilimga bo‘lgan intilishi, halol mehnati va munosib tayyorgarligiga bog‘liq. Ularni faqat qonuniy va halol yo‘l bilan maqsad sari intilishga undashingizni, imtihon jarayonlariga noqonuniy aralashuv yoki turli vositachilik holatlariga yo‘l qo‘ymasligingizni so‘raymiz.
Urganch davlat pedagogika institutida ijodiy imtihonlarning shaffof, adolatli va korrupsiyadan xoli muhitda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida barcha zarur tashkiliy-huquqiy va nazorat choralari amalga oshirilmoqda.
Ishonchim komilki, barchamiz qonun ustuvorligi, halollik, adolat va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda ushbu muhim jarayonni yuksak saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shamiz.

Aziz abituriyentlar!
Ijodiy imtihonlar sizning bilim, iste’dod va mehnatingizni namoyon etish uchun yaratilgan muhim imkoniyatdir. Sizlarni faqat o‘z bilimingiz, iste’dodingiz va puxta tayyorgarligingizga tayanishga chaqiraman.
Imtihon natijalariga noqonuniy yo‘llar bilan ta’sir ko‘rsatishga urinish, vositachilar xizmatidan foydalanish yoki har qanday manfaat evaziga ustunlikka erishishga intilish qonunchilikka zid bo‘lib, nafaqat huquqiy javobgarlikka, balki sizning sha’ningiz va kelajakdagi kasbiy faoliyatingizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Agar kimdir sizga imtihon natijalarini o‘zgartirish, yuqori baho qo‘yish yoki o‘qishga qabul qilinishni va’da qilib, buning evaziga pul mablag‘i, qimmatbaho buyum yoki boshqa manfaat talab qilsa, bunday noqonuniy takliflarga mutlaqo ishonmang hamda bu haqda zudlik bilan institut rahbariyati yoki vakolatli davlat organlariga xabar bering. Har bir murojaat belgilangan tartibda xolis va qonuniy ko‘rib chiqilishi kafolatlanadi.

Hurmat bilan,
Diyorjon Abdullayev
Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.b.

© UrDPI matbuot xizmati

Ulashish: