Close


TALABALIK MUBORAK BO'LSIN, AZIZ YOSHLAR!


Oliygohimizga qalbida umid va o‘qish ishtiyoqi bilan hujjat topshirib, bugundan talaba maqomiga ega bo‘lgan, aziz yoshlar!

Mana, nihoyat, siz yillar davomida orziqib kutgan va doimo aniq maqsad sari sizni bor kuch hamda g‘ayrat bilan intilishga undagan orzuyingiz amalga oshdi, shu bilan bir qatorda ota-onangizning ham orzularini ro‘yobga chiqardingiz. Bugun ularning sevinch ko‘z yoshlarini ko‘rib, ehtimol, mehnatlaringiz samarasidan behad xursandsiz.

Sizni va siz orqali butun oilangizni Urganch davlat pedagogika instituti nomidan samimiy muborakbod etaman!

Talaba bo‘lish, bir umrga ilm yo‘li bilan umr yo‘lingizni tutashganini anglatadi va o‘z navbatida katta mas’uliyat ham, albatta. Ayniqsa, kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashdek sharafli ishga bel bog‘lagan ekansiz, yurt kelajagi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ustozi sifatida sizning mas’uliyatingiz ikki hissa ko‘proqdir. Oliygohimiz sizga yangidan yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi va o‘z ilmi hamda iste’dodi bilan xalqaro maydonga dadil chiqa oladigan, dunyo minbarlarida o‘z o‘rniga ega yoshlar bizning faxrimizdir.

Albatta, ilm olish azobi vaqtincha, ilmsizlik azobi esa – umrboddir. Sizlarga ilm yo‘lida ulkan zafarlar tilab qolaman! Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan qutlayman! Urganch davlat pedagogika instituti talabasi bo‘lishdek sharaf sizga muborak bo‘lsin!

Feruza Madraximova,
Urganch davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, dotsent.

TALABALIK MUBORAK BO'LSIN;urspi;urspi.uz;

Ulashish: