Close


YOSHLAR — UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI!


Bugun, 14-iyun sanasida,  UrDPI tashabbusi bilan "Yoshlar — uchinchi renessans poydevori" mavzusida ilmiy konferensiya o'tkazildi. Konferensiyadan oldin ishtirokchilar institutda tashkil etilgan va yoshlarning chinakam ma'noda ma'rifat maydoniga aylanayotgan "Jadidlar bog'i"ga tashrif buyurdilar.  

Tashrif davomida ma'rifatparvar bobolarimizning siymolari va purhikmat so'zlari, mo'jazgina kitob javonlarini o'zida jamlagan bog' — ochiq osmon ostidagi "Ma'rifat gulshani" bilan yaqindan tanishdilar.

"Jadidlar bog'i"ga tashrifdan so'ng 30-iyun — "Yoshlar kuni" munosabati bilan tashkil etilgan "Yoshlar — uchinchi renessans poydevori" mavzusidagi ilmiy konferensiya o'z ishini boshladi.  

Ilmiy konferensiyani institut rektori, pedagogika fanlari doktori Feruza Madraximova ochib berdi hamda kelajak bunyodkori va uchinchi renessans poydevori bo'lgan bugungi kun yoshlariga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar haqida nutq so'zlab, yoshlarni mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi.

Ilmiy-anjuman ishida shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati mas'ul xodimi M.Meliqo'ziyev, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o'quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi xodimi A.Dorobov, O'zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Kengashi ma'sul xodimi G.Kazakovalar so'zga chiqib, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda anjuman ishiga omad tiladilar. 

Konferensiyada UrDU, TATU Urganch filiali, TTA Urganch filiali vakillari, shuningdek, Ma'mun universiteti, Urganch innovatsion universiteti kabi nodavlat OTMlaridan ham vakillar o'z ilmiy ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar. Konferensiya doirasida institut iqtidorli talabalarining eng sara ijod namunalarini o'zida jamlagan "Iste'dodlar guldastasi" kitobining taqdimoti ham o'tkazildi.

Anjuman yakunida faol ishtirokchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.

©️ UrDPI Matbuot xizmati   

 

Ulashish: