Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida global tendensiyalar va turk dunyosi masalalariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Urganch davlat pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti, Ozarbayjon universiteti, Ege universiteti, Xalqaro universitet, Tarix, iqtisodiyot va huquq ilmiy-tadqiqot instituti, BZT Akademiyasi, Bitlis Eren universiteti, Mindanao universiteti hamda Trakya universiteti kabi bir qancha oliygohlarning professor-o‘qituvchilari ishtirok qildilar.
Mazkur konferensiyani o‘tkazishda Ozarboyjon universiteti rektori Saadet Aliyeva hamda Ozarboyjon universiteti professor-o‘qituvchilari: Qabil Aliyev, Elvin Talishinski, Rauf Semedov, Shahismayil Ismayilov, Ferahile Babayeva-Shukurovalar tashabbus ko‘rsatdilar.
UrDPI rektori v.v.b. Jumanazar Yarmetov keyingi yillarda Turkiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonning faol tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, 2019-yilning oktabrida O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining to‘laqonli a’zosiga aylangani va buni o‘zbek xalqi xursandchilik bilan kutib olgani haqida gapirdi hamda oradan ikki yil o‘tgach, 2021-yilda Istanbul sammitida Kengash tarixida yangi sahifa ochilgani – u “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb qayta nomlangani haqida nutq so‘zladi.
Ushbu konferensiyada Urganch davlat pedagogika instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan iborat jamoa o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok qildilar. Xususan, PhD Marg‘uba Matquliyeva, PhD Doniyor Nafasov, pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Zulayho Asqarova va boshqa pedagoglar, magistrlar o‘z maqolalari bilan ishtirok qildilar.
Toshkent turkiy davlatlar oilasiga qo‘shilgan paytdan buyon o‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashish bo‘yicha 30 dan ziyod tashabbus va takliflar ilgari surildi.
Konferensiyaning tadqiqot markazini turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tashkil qiladi.
Konferensiyaning qanchalik muhim va dolzarbligi uning “Global tendensiyalar va turk dunyosi” deb nomlanishidan ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi. 2022-yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish haqidagi tashabbus O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi oldiga qardosh xalqlar bilan madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish haqidagi vazifalarni qo‘yadi.
Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi do‘stona siyosiy aloqalarning natijasi, albatta, fan va madaniyatda ham o‘z mevasini beradi, zero, xalqlarimizni til, din, mushtarak madaniyat va boqiy an’ana, qadriyat va urf-odatlar bog‘lab turadi.



UrDPI Matbuot xizmati