Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Hurmatli Urganch davlat pedagogika instituti jamoasi!
Sizni, siz orqali butun oilangizni yurtimiz mo‘min-musulmonlari va butun xalqimiz tomonidan keng nishonlanayotgan ulug‘ va muborak ayyom – Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod qilaman!
Hozirgi paytda dunyodagi geosiyosiy vaziyat qanday shiddat bilan o‘zgarib borayotgani barchamizga ayon. Ba’zi davlatlardagi mojarolar tez alanga olib, tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda. Ushbu holatlardan barchamiz to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, oldimizga muhim vazifalarni qo‘yib, doimo hushyor va ogoh, zamon bilan hamnafas bo‘lib yashashimiz lozimdir.
Bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, vatanimizda ahil yashayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni, jamiyatdagi shaxslar o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.
Shuningdek, kelajagimiz, barchamizning umidimiz hamda tayanchimiz bo‘lgan yoshlarimizning qalbi va ongida insoniy fazilatlarni tarbiyalash, ularni jahon maydonida raqobatbardosh yetuk avlod etib tarbiyalashimiz shart.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Hech qachon unutmaylik, dunyodagi o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik bu – bilim va tarbiyadir!”
Tinchliksevar xalqimiz asrlar davomida buyuk diniy qadriyat, saxovat va mehr-oqibat ramzi sifatida eʼzozlab kelayotgan ushbu qutlug‘ ayyom keyingi davrda ijtimoiy hayotimizda yanada mustahkam o‘rin egallab borayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor barchangizni chin yurakdan qutlab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, oilangizga xotirjamlik, fayz-u baraka, dasturxoningizga to‘kin-sochinlik, o‘qish va ishlaringizda yangidan-yangi zafarlar tilayman.
Kelgusi Hayit ayyomlarida ham sog‘-omon bo‘lishlik va faqat yaxshiliklar bilan kutib olish nasib aylasin!
Bayram shukuhidan qalblarimiz yanada nurafshon bo‘lsin!
Ona yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lsin!

Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.v.b. Jumanazar Yarmetov