Urganch davlat pedagogika institutida ma'rifatparvarlik namoyondalari bo'lgan jadidlarimizning portretlari va hikmatli so'zlarini o'zida jamlagan, talaba-yoshlarning samimiy muloqot qilib, yashil tabiat qo'ynida kitob mutolaa qiladigan sevimli maskaniga aylanadigan "Jadidlar bog'i" tashkil qilindi.
Kuni kecha oliy ta'lim muassasasida ushbu bog'ning ochilish marosimi ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirni institut rektori ochib berdi va jadidlarimizning millatparvarlik ruhida yozilgan asarlari, yurt ravnaqi yo'lidagi fidoiyliklari haqida so'zlab, kelajak bunyodkori bo'lgan yoshlarni ularning mazmunli ijod va umr yo'llaridan ibrat olishga chaqirdi.
Ochilish marosimida el ardog'idagi insonlar ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi" ham o'tkazildi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi rahbari Dilbar Bekchonova, Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Sayyora Samandarova, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Qurbon Muhammadrizo va uzoq yillar talabalarga dars bergan Ustozlar tashrif buyurib, so'zga chiqdilar. 9-may — "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan institutga tashrif buyurgan hurmatli mehmonlar, professor-o'qituvchilar va talabalarning ko'ksilariga bayrog'imiz aks etgan sharaf lentalari taqildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan jadidlar hayot va ijod yo'llarini o'zida aks ettiruvchi rang-barang chiqishlar namoyish qilindi. Tadbirdan so'ng, mehmonlar "Jadidlar bog'i"ni aylandilar. Bog'da jadid bobolarimizning siymolari, kitob javonlari, kichik kutubxonalar va o'rindiqlar tashkil etilgan bo'lib, ajoyib yomg'irli havoda bog'dagi atmosfera, tabiat qo'yni va toza havo mehmonlarga xushnudlik bag'ishladi.
©️ UrSPI Press Service