BUGUN YURTIMIZ TARIXIDA MUHIM SANA — O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANLIGINING 33 YILLIGI KENG NISHONLANMOQDA. BU QUTLUG‘ BAYRAM XALQIMIZ TANLAGAN MUSTAQILLIK, ADOLAT VA INSON QADRINI ULUG‘LASH YO‘LINING MUSTAHKAM TIMSOLIDIR.
Bugun yurtimiz tarixida muhim sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu qutlug‘ bayram xalqimiz tanlagan mustaqillik, adolat va inson qadrini ulug‘lash yo‘lining mustahkam timsolidir.
Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunda xalqimiz o‘z kelajagini erkinlik, huquq ustuvorligi va demokratik qadriyatlar asoslangan taraqqiyot bilan bog‘lagan. Ushbu hujjat yurtimizda asosiy qonun sifatida barqarorlik, tinchlik va farovonlikni ta’minlab kelmoqda.
2023-yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilinishi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Inson – jamiyat – davlat tamoyili ilk o‘ringa qo‘yildi, xalqimiz uchun yanada keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
Bosh qonunimiz nafaqat bugungi kun talabi, balki kelajak avlodlar manfaatiga xizmat qiladigan, demokratik jamiyat bunyod etishda ishonchli dasturulamal sifatida qabul qilindi. U davlat va jamiyat qurilishida shaffoflik, mas’uliyat va fuqarolik faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu ulug‘ bayram munosabati bilan yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, ta’lim va tarbiyani yuksaltirish, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklayman.
Yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va hamjihatlik hukm sursin. Konstitutsiyamiz ruhi va tamoyillari har bir fuqaroning hayotida adolat, imkoniyat va taraqqiyot manbayi bo‘lib xizmat qilsin!
Feruza Madraximova,
Urganch davlat pedagogika instituti rektori, professor.

©️ UrDPI matbuot xizmati