Close


URGANCH DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI O‘TKAZILDI


Urganch davlat pedagogika institutida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi

Bugun, 19-fevral kuni Urganch davlat pedagogika institutida Xorazm dostonchilik epik an’analarini tadqiq etish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan serqirra olim, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi, filologiya fanlari doktori, professor Safarboy Ro‘zimboyevning ilmiy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbek folklori rivojida Xorazm dostonchilik maktabining o‘rni” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanni Urganch davlat pedagogika instituti rektori, professor Feruza Madraximova ochib berdi. Konferensiyada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva, institut professori Gavhar Eshchanova, shuningdek, bir qator oliy ta’lim muassasalaridan olimlar — jumladan, professor Sarvar Ro‘zimboyev, professor Abdulla O‘razbayev, professor Nasiba Sobirova, dotsent Marg‘uba Matquliyeva  hamda boshqa olimlar ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Anjumanda Turkiyaning Ege universiteti, Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Folklor instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Urganch RANCH universiteti hamda Urganch davlat pedagogika institutidan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashdilar.

Respublika ilmiy-amaliy anjumani folklorshunoslik sohasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, Xorazm dostonchilik maktabining tarixiy va nazariy jihatlarini chuqur tadqiq etishga xizmat qiladi.

© UrDPI matbuot xizmati

Ulashish: