Imkoniyatlar yoshlarni izlayotgan davr: yangicha ish tizimi va natijadorlik sari qat’iy qadam

Kuni kecha Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqoti yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, yoshlarga berilayotgan e’tibor esa amaliy va strategik bosqichga yuksalayotganini ko’rsatdi. Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan yoshlar uchun juda ko’plab tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, yoshlarning innovatsion startap loyihalari uchun investitsiyalar kiritishga ruxsat etildi, “Kelajakka qadam” loyihasi yanada kengaytirilib, yosh tadbirkorlar uchun milliardlab kreditlar ajratiladigan bo’ldi, 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorga imtiyozli kreditlar, “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali oliygoh bitiruvchilariga stajirovka uchun stipendiyalar, yoshlarning eng yaxshi volontyorlik loyihalariga grantlar, “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga ijod uchun oylik haq to‘lanishi va boshqa qator tashabbuslar.
Eng muhimi, haftaning har payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘ladigan bo’ldi. Bu imkoniyatlarni ko’rib nogahon bundan 20 yillar muqaddam o’zimiz talaba bo’lgan paytlarimni esladim, u paytlarda ushbu imkoniyatlarning bir qismigina ham bo’lmagan hatto, oʻshanda yoshlarning o’zlari imkoniyatlarni izlar edi... bugun esa imkoniyatlar yoshlarni izlamoqda, topmoqda. Nazarimda, bu imkoniyatlarni shunchaki qo‘llab-quvvatlash choralari emas, balki ta’limni, innovatsiyani, tadbirkorlikni va bandlikni yagona tizimga birlashtirgan rivojlanish modeli desak mubolag’a bo’lmaydi.
Bugun oliy ta’lim muassasalari nafaqat diplom beruvchi maskan, balki g‘oyalar tug‘iladigan, startaplar shakllanadigan, talabaning kasbiy kompetensiyasi, amaliy ko‘nikmasi va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhitga aylanishi kerak. Bu borada Davlatimiz rahbari bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash masalasi bugun rektorlar oldida turgan eng dolzarb va muhim vazifa ekanligini ta’kidladi. Darhaqiqat, har bir bitiruvchining ishga joylashuvi, kasbga moslashuvi, hayotda o‘z yo‘lini topishi bu har bir oliy ta’lim muassasasida samaradorlik me’zoniga aylanmoqda.
Bugun talabalarning bandligini ta’minlash va ularni qo’llab-quvvatlashdagi yana bir muhim vazifa oliygohlarni innovatsion markazga aylantirish, har bir kafedra va yo’nalishda startap muhitini shakllantirish, talabalarning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga joriy qilish, ularning ishlanmalarini tijoratlashtirishni kengaytirishga sharoit yaratishdir. Chunki har bir yoshning muvaffaqiyati bu, avvalo, u tahsil olayotgan oliygohning muvaffaqiyatidir.
Yaratilayotgan har bir imkoniyat, albatta, Yangi O’zbekistonimiz yoshlarining ertangi natijalari uchun poydevor bo’ladi. Kechagi muloqot davomida Davlatimiz rahbari katta yutuqlarga erishgan iqtidorli yoshlarning takliflari, fikrlarini tingladilar. Ularning shijoati, maqsadlari juda katta... bu yerda Nobel mukofotiga qo’yilgan qadamlar, kosmosga uchish maqsadidan tortib milliy san’atimizda 10 yoshli Otamurodning Xorazmcha ijrosi barchaga xushkayfiyat bag’ishladi. Yoshlarimiz o’zlarini kuchli, bilimli, global fikrlaydigan tashabbuskor avlod ekanliklarini yana bir bora namoyon etdilar.
Albatta, imkoniyat va tashabbus mas’uliyat bilan uyg’unlashgan holda katta natijalarga xizmat qiladi. Bugungi tashabbus va islohotlar ham har bir rahbardan yangicha yondashuv, ochiqlik, tezkorlik va natijadorlikni talab qiladi. Ayniqsa, muloqotda Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar rektorlar uchun jiddiy mas’uliyat me’zonini belgilab berdi, bu esa yangicha ish tizimiga o’tish zarurligini anglatadi. Shu ma’noda Urganch davlat pedagogika instituti uchun ushbu muloqot chuqur tahlil va yangicha yondashuvlar bosqichining boshlanishidir.
Feruza Madraximova,
Urganch davlat pedagogika instituti rektori, professor.
©️ UrDPI matbuot xizmati