Vazir o‘rinbosari Xorazmda: yozgi oromgohlarning mavsumga tayyorgarlik holati o‘rganildi
Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch davlat pedagogika instituti rektori v.b. Diyorjon Abdullayev hamrohligida bolalarning yozgi dam olishini mazmunli tashkil etish hamda ularning xavfsiz va qulay sharoitlarda hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida Yangibozor tumanidagi “Pahlavon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida o‘rganish ishlari olib bordi.
Ma'lumot uchun, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli 10-son maktab-internat bazasida tashkil etilgan mazkur oromgoh 250 o‘ringa ega bo‘lib, bir mavsumda 140 nafar bolani qabul qiladi.
O‘rganish jarayonida oromgohning moddiy-texnik bazasi, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda xavfsizlik tizimi atroflicha ko‘zdan kechirildi. Jumladan, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari soz holatga keltirilib, yotoqxona, oshxona, suzish hovuzlari va sport maydonchalari foydalanishga tayyorlandi. Shuningdek, tibbiyot xonalari zarur vositalar bilan ta’minlanib, kutubxona fondi boyitildi hamda hududda yoritish va yong‘in xavfsizligi tizimlari yaxshilandi.





©️ UrDPI matbuot xizmati