Urganch davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti talabasi, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Matkarimova Malika Oybek qizi Koreya Respublikasida o‘tkazilgan "Korea International Women’s Invention Exposition – KIWIE 2026" xalqaro ko‘rgazmasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medal bilan taqdirlandi.
Malika Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra mamlakatimiz nomidan saralab olingan ishtirokchilar safida "Fizik kimyoga oid atamalarning inglizcha–o‘zbekcha–ruscha izohli elektron lug‘ati" nomli kompyuter dasturi bilan qatnashdi. Mazkur dastur fizik kimyo terminlarini uch tilda izohlashga mo‘ljallangan innovatsion elektron ta’lim resursi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida № DGU 32267 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Ma’lumot uchun, KIWIE-2026 xalqaro ko‘rgazmasida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 350 nafardan ziyod olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlar o‘z innovatsion ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
Urganch davlat pedagogika instituti jamoasi Matkarimova Malikani ushbu yuksak xalqaro yutuq bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.



©️ UrDPI matbuot xizmati