Close


Tursunova Shahnoza Bekchanovna


     Tursunova Shahnoza Bekchanovna 2003-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning Jurnalistika fakultetini, 2009-yilda O‘zMU ning “Jamoatchilik bilan aloqalar” (Public Relations) yo‘nalishida magistraturani tamomlagan.

2010–2011-yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati kotibi, 2011–2017-yillarda Urganch davlat universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi inspektori, 2017–2019-yillarda Urganch davlat universiteti o‘quv-uslubiy boshqarma uslubchisi, 2019–2020-yillarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xorazm viloyat kengashi matbuot kotibi, 2020–2022-yillar davomida Urganch davlat universiteti “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi” kafedrasi tayanch doktoranti.  Hozirda Urganch davlat pedagogika instituti Filologiya va san’at fakultetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib bormoqda.

  Tursunova Shahnoza Bekchanovna 2019-yildan buyon  “Innovatsion tafakkurni shakllantirishda ommaviy axborot vositalarning funksional xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanish olib bordi va 2022-yil 28-oktyabr kuni Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/27.02.2020.F.72.08 raqamli Ilmiy kengashida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati shundaki, jahonda mamlakatlar rivojlanish jarayonining jadallashuvi yoshlarning innovatsion tafakkurini shakllantirish, ularning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni taqozo etmoqda. Fuqarolarning jamiyat va davlat hayotini boshqarishdagi ishtirokini ta'minlash, ularning maqsad-muddaolarini boshqaruvning yuqori tizimlariga yetkazish, xalq bilan davlat o‘rtasida konstruktiv dialog o‘rnatish, innovatsion taraqqiyotga erishishda ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan ommaviy axborot vositalarining innovatsion tafakkur qonuniyatlari asosida ijtimoiy borliqni, jamiyat hayotini va kishilar dunyoqarashini yangilashga qaratilgan funksional xususiyatlarini hamda ularning g‘oyaviy asoslarini ochib berish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Jahon ilm-fanida innovatsion tafakkurni shakllantirish, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va demokratik islohotlarning samaradorligiga erishishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirishga qaratilgan ilmiy-texnik, innovatsion va eksperimental, maxsus, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Innovatsion tafakkurni shakllantirishda ommaviy axborot vositalari rolini aniqlash hamda ularning ijtimoiy-madaniy integratsiyaga, jamiyat va inson munosabatlariga ta’sirini aniqlashning zamonaviy konseptual asoslarini aniqlash davr taqozosiga aylanmoqda. Shuning uchun innovatsion tafakkurning subyektiv, ijodiy, psixologik tamoyillarini hamda ilm-fanni rivojlantirish, texnik va texnologik yangilanish, xalqaro etnoturizm, innovatsiya zaxiralarini yaratish kabi ijtimoiy funksiyalarini aniqlash zarurati tobora ortib bormoqda.

Mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichida ommaviy axborot vositalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammoli masalalarini hal etishda ularning rolini oshirishga oid islohotlar olib borilmoqda. “Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash, bu vakillarining mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va qat’iy davom ettiramiz”. Shu nuqtai nazardan, milliy ommaviy axborot vositalari va markazlarning mediamakondagi faoliyati, innovasion tafakkurni shakllantirishning ijtimoiy-huquqiy mexanizmlarini yaratish, insonparvarlik tamoyillarini targ‘ib etishning ilmiy-ratsional hamda konstruktiv yo‘llarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”, 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”, 2018-yil 21-sentyabrdagi PF-5544-son “2019–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”, 2020-yil 29-oktyabrdagi PF-6097-son “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” farmonlari, 2019-yil 3-maydagi PQ-4307-son “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2022-yil 27-iyundagi PQ-294-son “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari hamda sohaga oid boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu dissertatsiya muayyan darajada xizmat qiladi.

UrDPI Matbuot xizmati

Ulashish: