Urganch davlat pedagogika instituti tarkibidagi Ta’lim sifatini nazorat qilish boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 515-son qarorining 14-bandiga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, bevosita institut tarkibiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarori talablari asosida ta’lim sifatini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar talablariga muvofiq yuksak darajaga koʻtarish, shuningdek uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim sifatini nazorat qilishni yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifati va oʻquv jarayoni samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-sonli qarori qabul qilindi.
Institut tarkibidagi mazkur boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, Davlat inspeksiyasi hamda institut rektorining buyruqlari va qonuniy koʻrsatmalariga, shuningdek Boʻlim toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq olib boradi. Boʻlim tarkibida Davlat inspeksiyasi boshligʻi tavsiyasiga asosan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 2 nafar (boʻlim boshligʻi va 1 nafar bosh mutaxassis) xodimlar faoliyat yuritadi.
Boʻlim amalga oshirilgan ishlar, muammolar, kamchiliklar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni va takliflarni muntazam ravishda institute rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etib boradi.
Boʻlimning asosiy maqsadi ta’lim sifatini oshirish boʻyicha xorijiy va etakchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini oʻrganish, ta’lim sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, institut talabalari bilimlarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini oʻrganib borish, tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish, institutni ichki attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etish va uning natijalari boʻyicha ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish va oldini olish choralarini koʻrishdan iborat.
Boʻlimning asosiy vazifalari.
Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning davlat ta’lim standartlari (DTS), malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari bilan ta’minlanganligini tahlil etish va ularni ekspertiza qilish;
- institutda ta’lim jarayoni sifatini, uning o‘quv adabiyotlari va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish;
- institut talabalari bilimlarining DTSga muvofiqligini o‘rganib borish, tahlil qilish;
- ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash;
- kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish;
- institutni ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish, natijalari bo‘yicha ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, ma’lumotlarni institut rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etish;
- attestatsiya, ta’lim sifatini o‘rganish bilan bog‘liq jarayonlarda institutda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan nazorat o‘rnatish;
- ta’lim sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlarning holatini monitoring qilish va aniqlangan muammolar va kamchiliklar yuzasidan tegishli tarkibiy tuzilmalarga takliflar berish;
- ta’lim sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish jarayonida zamonaviy usullar va uslublardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish;
- institutning tarkibiy tuzilmalarida (fakultet, kafedra, bo‘lim, markaz) pedagog xodimlarning kasbiy malakasi holatini, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlaridagi sifat darajasini aniqlash maqsadida ichki monitoringni o‘tkazish, tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash, aniqlanagan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha institut rahbariyatiga takliflar kiritish;
- institut professor-o‘qituvchilari tayanch ma’lumotlarining tegishli dars beradigan fan(lar)iga mosligini tahlil qilish yoki ularning tegishli qayta tayyorlashdan o‘tganligini yoki mos ixtisoslik bo‘yicha ilmiy unvon, darajaga ega ekanligini o‘rganish va xulosalarni institut rektoriga ma’lum qilish;
- institutning o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-uslubiy ishlar rejalarining bajarilishini monitoring qilish;
- ta’lim jarayoni moddiy-texnik bazasi holatini tahlil qilish, uni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish;
- institutda talabalar amaliyotining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni inobatga olingan holda tashkil etilganligini va uning samarasini nazorat qilish;
- Davlat inspeksiyasining topshirig‘iga binoan institut reytingini aniqlashga va baholashga oid ma’lumotlarni to‘plashda, o‘tkaziladigan attestatsiya va ta’lim sifatini o‘rganish bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish;
- talabalar bilimini baholash jarayonini tahlil qilish asosida reyting ballarining xolisligini, shaffofligini va sifat darajasini baholash;
- institutdagi ijtimoiy muhit, kadrlar tayyorlash va ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida doimiy ravishda talaba, ota-ona, professor-o‘qituvchi va kadrlar iste’molchilari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;
- institut reytingini xalqaro darajaga ko‘tarishga qaratilgan chora-tadbirlarni oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan birgalikda ishlab chiqish va uning ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish;
- institut tegishli tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari va treninglarni o‘tkazish;
- Urganch davlat pedagogika institutda jamoatchi ekspertlar bazasini shakllantirish va ular bilan qo‘yilgan vazifalar doirasida seminar mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish;
- o‘quv jarayoni bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsion hamkorlik, innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarning amaliy tatbig‘i masalalari monitoringini yuritish;
- institut kengashida, davra suhbatlari va anjumanlarda bo‘lim tomonidan ta’lim sifatini oshirishga oid amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish va monitoring natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar berib borish;
- ta’lim sifati holatini o‘rganish natijalariga asoslanib tegishli takliflarni institut rahbariyatiga taqdim etish;
- dunyoning 1000 taligiga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muasasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va shular asosida institutni strategik rivojlantirish rejalarini amalga oshirib borish.